| Qidirish | Xarita | Aloqa |
o`zb | ðóñ |
|


OAV AKT haqida: (Arxiv)

Litsenziyalash boyicha savollar va javoblar

Litsenziyalashning asosiy tamoyillaridan biri oshkoralik va ochiqlik hisoblanadi. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Litsenziyalash va standartlashtirish bo‘limiga ko‘p miqdorda savollar kelib tushayotganligi sababli bizning o‘quvchilarimiz uchun  «Litsenziyalash boyicha savollar va javoblar» sahifasini ochamiz. Litsenziya oluvchilar tomonidan berilayotgan savollarga Litsenziyalash va standartlashtirish bo‘limining boshlig‘i Gataulina Almira Rafailovna javob beradi.

1. Telekommunikatsiyalar sohasida litsenziyalash zarurati nimaga asoslangan?

Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, sog‘ligiga, jamiyat xavfsizligiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari litsenziyalanishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiyalar sohasida faoliyatni litsenziyalanishi telekommunikatsiya tarmoqlarining turg‘un ishlab turishini, xizmatlar iste‘molchilarining manfaatlarini himoya qilishni, davlat xavfsizligini, telekommunikatsiyalar sohasida faoliyatni amalga oshirayotgan barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlari ishlarini muvofiqlashtirishni va ularning faoliyatini nazorat qilishni taminlash maqsadida amalga oshiriladi.

Litsenziyalash telekommunikatsiyalar sohasida yagona texnik siyosatni o‘tkazish imkoniyatini ta‘minlaydi, bu o‘zaro bog‘langan majmua kabi telekommunikatsiya tarmoqlarining rivojlanishi va ishlashi uchun ayniqsa muhimdir.

Litsenziyalash yordamida raqobat sohalarida teng sharoitlarni taqdim etish imkoniyatiga erishiladi.

Telekommunikatsiyalar sohasida faoliyatni litsenziyalashning huquqiy asosi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi, «Telekommunikatsiyalar to‘g‘ri-sida»gi   qonunlari,  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 22 noyabrdagi «Pochta va telekommunikatsiyalar sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi (o‘zgartirishlar bilan) 458-son qarori bilan tasdiqlangan «Telekommunika-tsiyalar sohasida faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risidagi nizom» hisoblanadi.

2. Telekommunikatsiyalar sohasida litsenziyalash kim tomonidan amalga oshiriladi?

Telekommunikatsiyalar sohasida litsenziyalash O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan amalgam oshiriladi.

Telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat turlari bilan shug‘ullanish uchun litsenziya davogarlarining arizalarini qabul qilish va ro‘yxatga olish, litsenziya shartnomalari va litsenziyalarni rasmiylashtirish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish, bekor qilish bo‘yicha ishlarni tashkil qilish, shuningdek, Litsenziya komissiyasi yigilishlarining o‘tkazilishini O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Litsenziyalash va standartlashtirish bo‘limi (L va SB) amalga oshiradi.

3. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan faoliyatning qaysi turlari litsenziyalanadi?

Telekommunikatsiyalar sohasida loyihalash, qurish, ekspluatatsiya qilish va telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat litsenziyalanishi kerak. Faoliyatning ushbu turlari mahalliy tarmoqlar, shaharlararo tarmoqlar, xalqaro tarmoqlar, ko‘chma radiotelefon aloqa tarmoqlari, shaxsiy radiochaqiruv tarmoqlari, ma‘lumotlarni uzatish tarmoqlari, teleradiodasturlarni tarqatish (translatsiya qilish) tarmoqlarida amalga oshirilishi mumkin.

4. Bir vaqtning o‘zida ma‘lumotlarni uzatish tarmog‘ini loyihalash, qurish, ekspluatatsiya qilish va xizmatlar ko‘rsatish uchun hamda mahalliy telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalash, qurish, ekspluatatsiya qilish va xizmatlar ko‘rsatish uchun litsenziya olish mumkinmi?

Litsenziya davogarlari telekommunikatsiyaning bir necha tarmoqlari bo‘yicha litsenziyalarga ega bo‘lishlari mumkin. Masalan, mahalliy telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalash va qurish uchun hamda ma‘lumotlarni uzatish tarmoqlarini loyihalash va qurish uchun.

Shuningdek, litsenziyalar bajarilayotgan ishlarga bog‘liq ravishda faoliyatning bir yoki bir necha turlari uchun olinishi mumkin. Masalan, shaharlararo telekommunikatsiya tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatish uchun yoki shaharlararo telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalash, qurish, ekspluatatsiya qilish va xizmatlarini ko‘rsatish uchun.

5. Litsenziyani qanday muddatga olish mumkin?

Telekommunikatsiyalar sohasida litsenziyalar kamida 5 yilga beriladi. Bunda mahalliy, shaharlararo, xalqaro, ko‘chma radiotelefon aloqa tarmoqlarini, shaxsiy radiochaqiruvni loyihalash, qurish, ekspluatatsiya qilish va xizmatlarni ko‘rsatish uchun litsenziyalar 15 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.

Ma‘lumotlarni uzatish tarmoqlari va teledasturlarni tarqatish tarmoqlarini loyihalash, qurish, ekspluatatsiya qilish va xizmatlarni ko‘rsatish uchun litsenziyalar 5 yil muddatga beriladi.

6. Litsenziyalar uchun qanday miqdorda davlat boji to‘lanadi?

Litsenziyalar uchun davlat bojining miqdori telekommunikatsiya tarmoqlarining turiga va korxonaning qaysi faoliyat turi bilan shug‘ullanishiga bog‘liq.

Davlat bojining miqdori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 24 oktabrdagi «Telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat korsatish huquqi uchun davlat boji miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 421-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 16 noyabrdagi «Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 24 oktabrdagi 421-son qaroriga qisman o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi 453-son qaroriga muvofiq, litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish muddatini hisobga olib belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 22 fevraldagi «Vazirlar Mahkamasining «Telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat korsatish huquqi uchun davlat boji miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida» 2001 yil 24 oktabrdagi 421-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi 29-son qarori bilan davlat bojini to‘lash tartibiga o‘zgartirish kiritildi - ushbu qaror chiqishi bilan davlat boji litsenziyaning amal qilish davrida teng ulushlar bilan har yili to‘lanishi mumkin yoki litsenziyaning butun amal qilish muddati uchun bir yola to‘lanishi mumkin.
 
7. Litsenziyani olish uchun qanday hujjatlar taqdim etilishi kerak?

Litsenziyani olish uchun litsenziya davogari O‘zAAA Litsenziyalash va standartlashtirish bo‘limiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
- belgilangan shakldagi ariza;
- yuridik shaxslar uchun - yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomaning notarius tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
- arizani ko‘rib chiqish uchun eng kam ish haqining besh barobari miqdorida yig‘imni to‘lash uchun to‘lov topshirig‘nomasi yoki kvitansiyasining nusxasi;
- telekommunikatsiyalar texnik vositalarining tavsifi, radiochastotalar diapazoni va nominallarini ko‘rsatgan holda foydalaniladigan asosiy texnik vositalarining ro‘yxati;
- tarmoqni tashkil qilish rejasi, rivojlantirish prognozi;
- sanitar, yong‘in normalari tadbirlariga va obyektning qo‘riqlash tadbirlari muvofiqligi to‘g‘risida tegishli organlarning xulosasi;
- boshqa shaxsga tegishli uskunadan foydalanganda uskunani ijaraga olish shartnomasi yoki uning nusxasi.
Yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlardan tashqari ayrim qo‘shimcha hujjatlar talab etiladi. 

Masalan, televideniye, radiodasturlarni tarqatish (translatsiya qilish) tarmoqlaridan foydalanish va ularning xizmatlarini ko‘rsatishga litsenziyani olish uchun yuridik shaxsning O‘zbekiston matbuot  va axborot agentligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomaning notarius tomonidan tasdiqlangan nusxasini taqdim etish kerak.

Radioaloqa vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatga litsenziya olish uchun uzatuvchi qurilmalar quvvati to‘g‘risida ma‘lumotlarni ko‘rsatgan holda chastotalardan foydalanish imkoniyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining radiochastotalardan foydalanish va nazorat qilish organlarining xulosasi kerak bo‘ladi.

Jamoa foydalaniladigan punktlar (Internet-kafe, Internet-klub) tomonidan ma‘lumotlarni uzatish xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziyani berish protsedurasi soddalashtirilgan sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.  Litsenziya davogarlari O‘zAAA Litsenziyalash va standartlashtirish bo‘limiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari kerak.
- belgilangan shakldagi ariza;
- yuridik shaxslar uchun - yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning notarius tasdiqlangan nusxasi;
- ariza ko‘rib chiqilganligi uchun eng kam ish haqining besh barobari miqdorida to‘lov topshiriqnomasi yoki kvitansiyasining nusxasi;
- sanitar, yong‘in normalari tadbirlariga va obyektning qo‘riqlash tadbirlari muvofiqligi to‘g‘risida tegishli organlarning xulosasi;
- boshqa shaxsga tegishli uskunalardan foydalangan hollarda uskunani ijaraga olish shartnomasi yoki uning nusxasi.

8. Litsenziyani olish uchun arizalar qanday muddatda ko‘rib chiqiladi?

Barcha kerakli hujjatlar bilan birga litsenziyani olish uchun arizalar ular qabul qilingan kundan o‘ttiz kun oshmagan muddatda ko‘rib chiqiladi.

 9. Qaysi holda litsenziya berishni rad etish mumkin?

Agar litsenziya davogari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar kerakli tarzda rasmiylashtirilmagan yoki hujjatlarda ishonchli bo‘lmagan yoki buzilgan ma‘lumotlar bo‘lsa, litsenziya berilishi rad etiladi. Litsenziya davogari litsenziya talablari va shartlari, shuningdek, tanlov (tender) talablariga muvofiq kelmaganda unga rad javobi beriladi.

10. Litsenziya berilishiga rad javobi olinganda arizani qayta ko‘rib chiqish mumkinmi?

Agar litsenziya berilisih rad etilgan bo‘lsa, litsenziya davogariga litsenziya berilishining rad jabobi to‘g‘risida xabarnomani yozma shaklda jo‘natiladi. Xabarnomada rad etish sabablari va litsenziya davogari kamchiliklarni bartaraf etganidan keyin takroran ko‘rib chiqilishi uchun hujjatlarni taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatiladi.

Kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin arizani qayta ko‘rib chiqish shu ariza qayta berilgandan keyin o‘n kun muddat ichida ko‘rib chiqiladi.

Agar ariza rad etilganligi to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘rsatilgan muddatdan kechroq berilgan bo‘lsa, u qayta berilgan hisoblanadi va uni ko‘rib chiqish uchun qaytadan eng kam ish haqining besh barobari miqdorida yangi yig‘im yigilishi kerak.

11. Bizning korxona radiostudiya ochmoqchi, buning uchun nimalar qilish kerak?

Radiochastota spektridan samarali foydalanish uchun, fuqarolarning ma‘naviy ehtiyojlariga, hozirgi zamon texnik talablar va standartlarga javob beruvchi sifatli va yuqori darajadagi teleradioeshittirishlarni tashkil etish maqsadida 2005 yilning 1 fevralidan radiochastotalarni taqsimlash va televizion ko‘rsatuvlar va radiodasturlarni tarqatish (translatsiya qilish) bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun individual litsenziyalarni berish tanlov asosida amalga oshiriladi. Bizning saytimizda radiochastotalarni taqsimlash bo‘yicha tanlov uchun ariza shakli va hujjatlar ro‘yxati ko‘rsatilgan. Tanlovning e‘lon qilinishi to‘g‘risidagi axborot shuningdek, «Pravda Vostoka» va «Xalq so‘zi» gazetalarida chop etiladi. 

Davogarni qiziqtiruvchi chastotalarni tanlovga kiritish imkoniyatining ko‘rib chiqilishi uchun uning tomonidan chastotalar, faoliyat turi (radioeshittirishlar, teleeshittirishlar), foydalanilishi ko‘zda tutilgan uskunalarni ko‘rsatgan holda Radiochastotalar bo‘yicha Davlat komissiyasiga xat jo‘natilishi mumkin.

12. Xususiy firma Internet-kafeni ochmoqchi, shu firma boshqa xususiy firmaga berilgan litsenziya bilan ishlashi mumkinmi?

Mumkin emas, chunki faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziya bilan faqat uni olgan yuridik shaxs tomonidan bu faoliyat amalga oshirilishi mumkin. Ular bo‘yicha litsenziyalar yoki xuquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi. Bu shart O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 22 noyabrdagi «Pochta va telekommunikatsiyalar sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 458-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi Qonuni va «Telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risidagi nizom»da belgilangan.

Axborotni aniqlashtirish uchun O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Litsenziyalash va standartlashtirish bo‘limiga (telefonlar: 138-41-37,138-41-39,138-41-85; e-mail: deplicense@aci.uz) va Radiochastotalar boyicha Davlat komissiyasiga (telefonlar:138-41-78, 138-41-79; e-mail: gkrch@aci.uz) murojaat qilish kerak.