O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi, Davlat bojxona qo'mitasi, Davlat soliq qo'mitasining qaroriga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2007 yil 21 noyabr 1740-son bilan «Elektron shakldagi shartnoma va elektron tijoratda qo'llaniladigan boshqa namunaviy hujjatlar shakllarini tayyorlash tartibi to'g'risidagi Nizom» tasdiqlandi va ro'yxatga olindi. Mazkur Nizom O'zbekiston Respublikasining «Elektron tijorat to'g'risida», «Elektron to'lovlar to'g'risida», «Elektron hujjat aylanishi to'g'risida»gi qonunlarni amalga oshirish maqsadida hamda Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 30 yanvar 21-sonli «Elektron tijoratni rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorining 1-bandiga muvofiq ishlab chiqilgan. Shu bilan birga ushbu hujjat mamlakatimizda elektron raqamli imzoni qo'llashni yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Hujjatning maqsadi elektron tijorat sohasida rasmiylashtirish va harakatlarni amalga oshirishning huquqiy tartibini ta'minlash, elektron shakldagi shartnomalarga bo'lgan talablarni hamda elektron hujjatning haqiqiyligini elektron raqamli imzoni qo'llash orqali tasdiqlash bo'yicha huquqiy shartlarni belgilashdan iborat. Nizomda quyidagilar belgilangan: -elektron shakldagi shartnoma va boshqa namunaviy shakllarga elektron tijoratni amalga oshirish jarayonida qo'yiladigan umumiy talablar; -tuzilayotgan shartnomaning tomonlari to'g'risidagi umumiy ma'lumotlar; -elektron tijorat doirasida elektron operatsiya tartibi va jarayonlarni amalga oshirish; -elektron shakldagi shartnomaviy munosabatlarni amalga oshirish uchun to'lov tizimi sub'ektlari.
Nizom O'zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi va O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan. Elektron shakldagi kontraktlar va elektron tijoratda qo'llaniladigan hujjatlarning boshqa namunaviy shakllarini tayyorlash tartibi to'g'risidagi Nizom |