SAMARQAND:
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini hayotning barcha sohalariga joriy etish bugungi kunning dolzarb talablaridan biri ekanligi barchaga ravshan.
O'zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining bevosita rahbarligida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali iqtidorli talabalaridan bir guruhi viloyat aholisi o'rtasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan amalda foydalanish ko'nikmalarini shakllantirish bo'yicha o'quv kurslari olib bormoqdalar.
Samarqand viloyatining shahar va qishloqlaridagi 18ta kollejda 36 nafar TATU talabasi qator akademik litsey va kollejlar o'qituvchilari hamda o'quvchilariga, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, «Kelajak ovozi» yoshlar tashabbuslari markazi faollari, «Mahalla» xayriya jamg'armasi xodimlari va faollari, mahalliy hokimlik organlari, korxona va tashkilotlar xodimlari uchun o'quv darslari o'tishmoqda. O'quv auditoriyalarining barchasi kompyuterlar, printerlar, videoproyektor va ekranlar, audiokolonkalar bilan jihozlangan.
Bundan tashqari, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali iqtidorli talabalaridan 26 nafari Jizzax viloyatidagi 13ta tuman kollejlarida, 24 nafar talaba Buxoro viloyatining 12 tumanida fuqarolar uchun «Kompyuter savodxonligi»gidan o'quv mashg'ulotlari olib borishmoqda.
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya va internet texnologiyalari darslari shu yilning 30 iyuliga qadar davom etadi.
Abdug'afur HOTAMOV, “Xabar”ning Samarqand viloyatidagi muxbiri
FARG’ONA:
TATU Farg'ona filiali talabalaridan tarkib topgan “Bunyodkor yoshlar” guruhlari yozgi ta'til chog'ida Farg'ona, Namangan, Andijon shahar va tumanlarida bo'lishib, aholini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan tanishtirish va ularning kompyuter savodxonligini oshirish bo'yicha trening o'quv kurslarini tashkil etishga o'z hissalarini qo'shishmoqda.
Ushbu loyiha doirasida har bir oilaning hayotida zamonaviy axborot va kompyuter texnologiyalari, raqamli hamda keng formatli telekommunikatsiya aloqa vositalari, internet tizimini tatbiq etish, o'zlashtirish va yanada rivojlantirish jarayonlariga ko'maklashish amalga oshiriladi.
“Mening nazarimda, — dedi yoshlarni el xizmatiga kuzatar ekan filial direktori R.Teshaboyev, — sizlar amalga oshiradigan ish “Bunyodkor yoshlar” atamasi mohiyatini yanada ochib yuborgandek bo'ldi. Chunki trening kurslarida ishtirok etib, aholini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan tanishtirish va ularning kompyuter savodxonligini oshirish respublikamizdagi ulkan bunyodkorlik harakatiga hissa qo'shish, demakdir”.
Nabijon SOLIEV, TATU Farg'ona filiali dotsenti
NAVOIY:
Barchamiz yozgi ta'til mavsumida talabalardan tashkil topgan “Bunyodkor yoshlar” qurilish otryadlarini yaxshi bilamiz. Talabalar otryadi desa ko'z o'ngimizga qurilish maydonlarida yaratuvchilik bilan band yoki qishloq xo'jalik ishlarini amalga oshiradigan bunyodkor yoshlar gavdalanadi. Bu yilgi “Bunyodkor yoshlar” guruhining missiyasi butunlay boshqacha. Ular aholining ma'naviy dunyosini boyitishni, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishni o'z oldiga maqsad qilgan yangi yo'nalishdagi guruh.
Ushbu o'quv otryadlari xayrli niyat bilan Navoiy viloyatiga ham tashrif buyurdi. O'quv treninglari viloyatning barcha tuman va shaharlarida o'tkazilmoqda.
Mazkur o'quv kurslarida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining yuqori bosqich iqtidorli talabalari o'quv treninglarini zamonaviy interfaol usulda, disk hamda o'quv qo'llanmalari yordamida muvaffaqiyatli amalga oshirmoqdalar.
M.HOSILOVA
QASHQADARYO va SURXONDARYO:
TATUning Qarshi filiali talabalaridan tashkil topgan “Bunyodkor yoshlar” otryadlari Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari markazlari hamda tumanlarida o'quv seminarlarini olib bormoqdalar.
— Jami 58 nafar “Bunyodkor yoshlar” otryadi a'zolarining 28 nafari viloyatimizda, 30 nafari Surxondaryo viloyatida o'quv seminar mashg'ulotlarini olib bormoqdalar, — deydi filial direktorining o'rinbosari Muslim Murodov. – Avvalo shuni ta'kidlashim joizki, bu mashg'ulotlarni olib borish uchun o'quv dasturlarini puxta o'zlashtirgan talabalar tanlab olinib, ularning dars berishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Joylarda tashkil etiladigan o'quvlar oldidan tanlab olingan talabalarga filialimiz professor-o'qituvchilari, viloyat hokimligi kompyuterlashtirish markazining malakali mutaxassislari seminarlar o'tishdi.
Aftondil ISMOILOV, “Xabar”ning Qashqadaryo viloyatidagi muxbiri
RAQAMLARDA:
Talaba yoshlar otryadlari yordamida aholida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan amalda foydalanish ko'nikmalarini shakllantirish maqsadida respublikamiz tuman, viloyat va shahar markazlaridagi 200ta kasb-hunar kollejida o'quv auditoriyalari tashkil etildi.
Ushbu auditoriyalarda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning joylardagi filiallarida ta'lim olayotgan 400 nafar iqtidorli talaba hamda 15 nafar guruh rahbari kompyuter savodxonligi bo'yicha mashg'ulotlar olib borishyapti.
Ustoz talabalar 400 nusxadagi o'quv qo'llanmasi, 400ta diskda taqdimot materiallari, UzMOT milliy amaliyot tizimi va isoft.uz interfaol o'rgatuvchi dasturiy majmua asosida dars o'tmoqdalar.