O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot faoliyati va ma’lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 20 dekabrda qabul qilingan “Teleradioeshittirish sohasida radiochastota spektridan samarali foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq radiochastotalarni tanlov yo‘li bilan taqsimlash va teleradioeshittirish sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish bo‘yicha tanlov o‘tkazildi. Yig‘ilishda tanlovga Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan bitta tele hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyati, Samarqand shahri va Samarqand viloyati, Andijon viloyati, Buxoro shahri va Buxoro viloyatlaridan beshta radio chastotalar bo‘yicha tushgan buyurtmalar ko‘rib chiqildi va g‘oliblar aniqlandi. Komissiya tomonidan, shuningdek, teledasturlarni tarqatish va hududini kengaytirish, ma’lumotlar uzatish tarmoqlarida xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning litsenziya olishga doir murojaatlari ko‘rib chiqildi. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan teleradioeshittirish subyektlari badiiy kengashlariga xalqimizning boy tarixi, madaniy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qiluvchi, tarbiyaviy ahamiyatga ega, yuqori saviyadagi eshittirish hamda ko‘rsatuvlar salmog‘ini oshirishga alohida e’tibor qaratish tavsiya etildi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Manba: www.uza.uz |